Telegram Group Search
Tramp Federal rezerv (Markaziy bank) raisiga  “hujum” qilishda davom etmoqda.

Tramp ijtimoiy tarmoqlarda “Energiya xarajatlari ancha pasaygan, oziq-ovqat narxlari sezilarli darajada arzonlashgan, va boshqa ko‘plab “narsalar”ning narxlari pasayish tendensiyasida, natijada deyarli inflyatsiya kuzatilayotgani yo‘q. Agar janob "Juda kech" foiz stavkalarini HOZIR pasaytirmasa, iqtisodiyot sekinlashishi mumkin. Pauell doim  vaziyatga “juda kech reaksiya qiladi", degan fikrni bildirib Markaziy bank raisini “loser” deb atagan.
 
Trampning Markaziy bankka foiz stavkalarini pasaytirishi borasidagi bosimlari, bojlar natijasida bozorlarda yuzaga kelgan pasayishning o‘rnini yopib ketadi degan maqsadda qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bozorlar Trampning Markaziy bankka bosimiga  javoban aksincha pasaymoqda. Xususan, dushanba tongida Dow jones 2,8 foizga hamda S&P 500 2,9 foizga pasaygan.
Xitoydan arzon import mintaqadagi davlatlarni xavotirga solishni boshladi

 AQSh-Xitoy savdo urushi natijasida AQSh tomonidan kamaygan talab Xitoy tovarlari narxlarini arzonlashtirishi bu esa mintaqadagi boshqa davlatlardagi import bilan raqobat qiluvchi sektorlarda qo‘shimcha raqobatni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida oldin ham yozgandim.

Mamlakatlar Xitoydan keladigan arzon importdan xavotir olib (yoki AQShga yaqinroq bo‘lish maqsadida) import tovarlarga qo‘shimcha boj o‘rnatishni boshlab yuborishdi. Xususan, kecha Hindiston po'lat importiga vaqtincha (200 kun) 12 foizlik boj joriy qildi. Bu holat ichki temir ishlab chiqaruvchilarni Xitoydan keladigan arzon importdan himoya qilish maqsadida o‘rnatilgan.

Bu holatni vaqtinchalik (agar vaqtinchalik bo‘lsa) shok davrida ichki ishlab chiqaruvchilar bozordan chiqib ketishining oldini olish deb qarash mumkin bo‘lsa-da, temirdan xomashyo sifatida foydalanadigan sektorlarni arzon xomashyodan mahrum qilish ham hisoblanadi.

Ammo boshqa tomondan, Hindiston tomonidan o‘rnatilgan 12 foizlik boj ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun yetarli bo‘ladimi yo‘qmi oldindan aytish qiyin chunki, Xitoy hukumati yuanni maqsadli “qadrsizlantirish” orqali o‘rnatilgan bojlarni aylanib o‘tishi mumkin.  

Yaqin kelajakda Xitoydagi ortiqcha taklif butun dunyo, xususan mamlakatimizda ham turli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.  Bu esa qaror qabul qiluvchilar uchun qiyin tanlovlarni yuzaga keltirishi shubhasiz.
AQShda so‘nggi uch oyda inflyatsiya va ishsizlik bo‘yicha prognozlar keskin yomonlashgan.

Yanvar oyi bilan taqqoslaganda inflyatsiya bo‘yicha prognozlar keskin yomonlashgan.  Ba’zi prognozlar yil so‘ngida inflyatsiya 6 foizdan yuqori shakllanishini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, inflyatsiya bilan bir vaqtda ishsizlik bo‘yicha prognozlar ham yomonlashgan. Ya’ni prognozlar iqtisodiyot stagflyatsiya tomon ketayotganligiga ishora qilmoqda.

Prezident Tramp yuzaga keltirgan noaniqlik va iqtisodiy o‘sishni orqaga tortuvchi qarorlar o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Xususan,  noaniqliklar fond bozorlarida turli tebranishlar,  AQShning global miqyosda hamkor sifatidagi obro‘yi pasayishi, dollarning mavqeyi pasayishi  hamda real iqtisodiyot  Tramp qarorlaridan jabr ko‘rmoqda.

Albatta, katta ehtimol bilan Prezident o‘z qarorlari oqibatlarida boshqalarni ayblashda davom etadi. Xususan, so‘nggi kunlarda bo‘layotgani kabi iqtisodiy pasayishda Markaziy bankni asosiy aybdor sifatida ko‘rsatadi.
Oltin eksporti umumiy eksportning yuqori o‘sishini ta’minlamoqda

Mart oyida umumiy eksport 20,5 foizga o‘sgan. Bunda,  yuqori oltin narxi fonida oy davomida amalga oshirilgan 1,9 mlrd dollarlik oltin eksporti umumiy eksportning o‘sishini belgilab beruvchi asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan. Oltindan tashqari oy davomida mineral yoqilg‘ilar eksporti o‘sishi ham oylik eksportning yuqori o‘sishiga hissa qo‘shgan.

Xususan, oy davomida 110 mln dollarlik mineral yoqilg‘i eksport qilinib 2024 yilning mos davriga nisbatan 16 foizga oshgan.  Bunda, gaz eksporti asosiy o‘sish komponentlaridan biri bo‘lib, birinchi chorakda gaz eksporti 2,5 barobarga oshgan. Mart oyining o‘zida esa 52 mln dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan.

Negadir joriy yilning ikki oyida yuqorida sur’atlarda o‘sayotgan xizmatlar eksporti mart oyiga kelib deyarli o‘sishda to‘xtagan. Xususan, yanvar-fevral oyida xizmatlar eksportining o‘sishi sur’ati 61,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mart oyida xizmatlar eksportida oylik o‘sish 5,3 foizgacha sekinlashgan (bunday keskin sekinlashning sabablari hozircha noma’lum).

Oltin va mineral yoqilg‘ilar eksporti ayirib tashlangandagi tovarlar eksporti esa mart oyida 3,5 foizga o‘sib oldingi oylardagi tendensiyaga muvofiq shakllangan.

 Asosiy savdo hamkorlarimizdan Rossiya hamda Xitoyga  oylik eksport keskin o‘sgan. Xususan,  mart oyida Rossiyaga oylik eksport 48 foizga,  Xitoyga esa 47 foizga oshgan. Bu holat 2024 yildagi nisbatan past baza effekti bilan izohlanishi mumkin. Jumladan, 2024 yilning mart oyida Xitoyga eksport 47 foizga, Rossiyaga esa 20 foizga qisqargan edi.  Qozog‘iston hamda Turkiyaga eksport esa mart oyida mos ravishda  6 foiz hamda 17 foizga qisqargan.

 Qo‘shnilarimizdan Tojikiston (45 foiz) hamda Afg‘onistonga (18 foiz)  eksport sog‘lom sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda. Shuningdek,  BAA ga eksportning keskin o‘sish sur’ati qayd etilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi uch oyida BAA ga eksport 3,3 barobarga oshgan.  

@Mirkonomika
Yuqori oltin eksporti fonida eksport o‘sishda davom etayotgan bir sharoitda import qisqarishdan to‘xtagani yo‘q

Joriy yilning yanvar-mart oylarida import hajmi  9,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,3 foizga qisqargan (mart oyining o‘zida 5,9 foizga). Importning qisqarishi hamda eksportning yuqori o‘sishi fonida tashqi savdo defitsiti  2,9 mlrd dollardan 1,1 mlrd dollargacha qisqargan.

 Asosiy savdo hamkorlarimizdan Xitoydan import ketma-ket ikkinchi oy o‘sayotgan  bo‘lsa Rossiyadan import chuqur qisqarishga uchramoqda.  Xususan, mart oyida Xitoydan oylik import 1,5 foizga o‘sgan (fevralda 5,7 foiz). Umuman olganda, Xitoydan import fevral oyigacha bo‘lgan davrda 7  oy davomida qisqarayotgan edi. Savdo urushining boshlanishi esa Xitoydan importning yana tiklanishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edim. Lekin hozircha Xitoydan importning tiklanishni boshlaganligi savdo urushining natijasi ekanligi haqida aniq xulosaga kelish qiyin (keyingi oylarda aniqroq ko'rinsa kerak).

 Rossiyadan import  mart oyida 22,8 foizga qisqargan (fevralda 27,6 foiz).  Rossiyadan importning qisqarishini 2024 yilning mos oylaridagi yuqori baza bilan izohlash mumkin. Xususan, 2024 yil fevral oyida Rossiyadan import 42 foizga, mart oyida esa 23 foizga o‘sgan edi.

 Tovarlar kesimida  yanvar-mart oylarida  gaz importi 89,3 foizga, avtomobillar importi esa  30,7 foizga qisqarib importning qisqarishida muhim rol o‘ynagan.
Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ)  iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlarini  sezilarli pasaytirdi

XVJning yangi prognozlariga ko‘ra, joriy yilda dunyo iqtisodiyoti 2,8 foizga o‘sadi. Joriy prognozlar yanvar oyidagi prognozlarga nisbatan 0,5 foiz  bandga yomonlashgan. Iqtisodiy o‘sish bo'yicha prognozlarning pasayishi savdo urushining to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ikkilamchi ta’sirlari, yuqori noaniqliklar kabi omillar bilan izohlangan.

Shuningdek, yirik iqtisodiyotlarning deyarli barchasida iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar keskin yomonlashgan.  Eng katta  manfiy farqlar esa AQShga iqtisodiy jihatdan ko‘proq bog‘langan davlatlarda yuz bergan. Xususan, yanvardagi prognozlarga nisbatan iqtisodiy o‘sish Meksikada 1,7 foiz bandga, AQShda 0,9 foiz bandga, Kanada va Xitoyda 0,6 foiz bandga, Yaponiya va Buyuk Britaniyada 0,5 foiz bandga hamda Germaniyada 0,3 foiz bandga pastroq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

 Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlar esa yanvardagiga nisbatan 0,1 foiz bandga yaxshilanib joriy yilda  1,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti esa Joriy yilda 5,9 foizga o‘sishi prognoz qilingan hamda bu prognozlar 2024 yil oktyabr oyidagi prognozlarga nisbatan 0,2 foiz bandga yuqori.  O‘sish bo‘yicha prognozlarning yaxshilanishini asosiy eksport tovarimiz (oltin) narxining o‘sayotganligi hamda pul o‘tkazmalarida yetakchi davlat hisoblangan Rossiyada iqtisodiy o‘sish hamda valyuta kursi  bo‘yicha prognozlarning nisbatan ijobiy shakllanayotganligi bilan izohlash mumkin.

 @Mirkonomika
Red light, green light (#)
Yuqorida so‘nggi ikki kunda fond bozori qanday omillar ta’sirida o‘zgarganligi ko‘rsatilgan (S&P 500 misolida).

Seshanba kuni Tramp Markaziy bank raisini muddatidan oldin bo‘shatish “niyati” yo‘qligini e’lon qildi (o‘tgan hafta boshqacha fikrda edi). Natijada kun davomida S&P 500 3,5 foizga mustahkamlandi.

Chorshanba kuni esa Tramp Xitoyga nisbatan 145 foizlik tariflar judayam yuqoriligi hamda sezilarli pasaytirilishini ma’lum qildi. Natijada,  chorshanba tongida S&P 500 3,1 foizga ko‘tarildi.

Keyinroq esa Moliya vaziri Tariflar bir tomonlama pasaytirmasligini aytdi. Natijada S&P 500 tongdagi yuqori o‘sishdan keyin, pasayishni boshladi hamda kunni (10:30 dan 16:00 gacha) 1,5 foiz pasayish bilan yakunladi.  

Xullas “red light green light” o‘yini davom etadi.
​​AQSh iqtisodiyoti Pandemiyadan keyingi davrda eng muvaffaqiyatli iqtisodiyotlardan biri bo‘lgan

XVJga ko‘ra, AQSh pandemiyadan keyingi davrda o‘z guruhidagi  iqtisodiyotlardan farqli ravishda pandemiyadan oldingi trendidan  oshgan yagona iqtisodiyot bo‘lishi kutilmoqda. Boshqa iqtisodiyotlar esa pandemiyadan oldingi trendiga yetgani yo‘q.

Xususan, 2020 yilda AQSh iqtisodiyoti pandemiyadan oldingi trendiga nisbatan 4,1 foiz bandga, Xitoy iqtisodiyoti 3,5 foiz bandga, Yevro hudud 7,2 foiz bandga, boshqa rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti esa 5,5 foiz bandga pasaygan.

2025 yilga kelib esa AQSh iqtisodiyoti pandemiyadan oldingi trendga nisbatan 3,6 foiz bandga yuqorilashi kutilmoqda. Boshqa iqtisodiyotlar esa 2025 yilda ham pandemiyadan oldingi trendiga yetolmaydi. Jumladan, Xitoy iqtisodiyoti pandemiyadan oldingi trendiga nisbatan 5,3 foiz bandga,  Yevro hudud 2,5 foiz bandga, boshqa rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti esa 1,1 foiz bandga pastroq shakllanishi prognoz qilinmoqda.  Xitoyda farqning 2020 yilga nisbatan kengayishi ichki talabning pastligi natijasida o‘rtacha iqtisodiy o‘sishning pasayib borayotganligi bilan izohlanadi.

Lekin uch oy ichida Tramp bilan shunday sog‘lom iqtisodiyotda stagflyatsiya xavotirlari paydo bo‘lishga ulgurdi.

@Mirkonomika
Markaziy bank Asosiy stavkani yillik 14 foiz darajada o'zgarishsiz qoldirish bo'yicha qaror qabul qildi.
Asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qoldirilishi  valyuta kursi barqarorligi hamda energiya ta’minotidagi yaxshilanishlar fonida inflyatsion kutilmalar pasaygan bo‘lishiga qaramasdan joriy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolayotganligi,

shuningdek, umumiy (10,3 foiz) hamda bazaviy inflyatsiyaning (8,1 foiz) o‘suvchi trendni namoyon qilayotganligi,

bundan tashqari, narxlarga taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatayotganligi bilan izohlangan.

 Shuningdek may oyidan oshiriladigan energiya tariflari ikkinchi chorakdan keyin inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sirga ega bo‘lishiga e’tibor qaratilgan.
Avvalroq AQShda so‘nggi uch oyda inflyatsiya va ishsizlik bo‘yicha prognozlar keskin yomonlashgani haqida yozgan edim.

Mamlakatimizda ham inflyatsiya darajasi so'nggi oylarda tezlashdi. Biznesreport.uz nashri so'nggi 5 yildagi inflyatsiya holatini tahlil qilgan.

Materialda nafaqat mamlakatimizdagi, balki dunyoning boshqa yirik iqtisodiyotlaridagi inflyatsiya trendlariga ham to'xtalib o'tilgan.

#tavsiya
The economist nashrining bu hafta uchun muqovasi.

“Amerika 100 kun oldingi holatiga endi qaytmaydi”
Rossiya-Ukraina urushi bo'yicha AQShning hozirgi pozitsiyasi:

(c) The economist
Xitoyning ba’zi provinsiyalarida  ko‘proq farzand ko‘rish uchun pul taklif etilmoqda

Butun dunyoda tug‘ilishning pasayishi asosiy muammoga aylanib bormoqda. Ba’zi davlatlar esa tug‘ilish jiddiy muammoga aylanib ulgurgan.  Ayniqsa rivojlangan davlatlarda bu muammoni yaqqol ko‘rish mumkin.

Xitoyda aholining kamayishi ketma-ket uch yildan buyon davom etmoqda.   Masalan, 2024 yilda aholi 3,2 mln kishiga, 2023 yilda 2,6 mln kishiga, 2022 yilda esa 463 ming kishiga kamaygan. Fertillik darajasi esa 1 atrofida shakllanmoqda (ya’ni ikki kishidan taxminan bitta farzand qoladi).

 Hukumat esa tug‘ilishni ayniqsa ko‘p farzandlikni ko‘paytirish maqsadida turli dasturlarni ishlab chiqmoqda. Xususan, Hohhot shahrida birinchi bola uchun 10 ming yuan(1372 dollar), ikkinchi bola uchun besh yil davomida yillik 50 ming yuan (6861 dollar), uchinchi farzand uchun esa 10 yil davomida yillik 100 ming yuan (13 723 dollar) berish yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan  tashqari, Tianmen shahrida onalik ta’tili va uy-joy subsidiyalarini o‘z ichiga olgan, jami 280 000 yuangacha ($38 000) bo‘lgan imtiyozlar paketi joriy etilgan. Natijada, shaharda tug‘ilishlar soni 8 yillik pasayishdan keyin o‘tgan yili 17 foizga oshdi.

 Umuman olganda, Xitoyning ba’zi provinsiyalarida qo‘llanilayotgan bunday keskin choralar tug‘ilishni doimiy ravishda o‘sishi va fertillikning   2 dan yuqorilashiga yordam beradimi yo‘qmi hozircha aytish qiyin. Lekin bunday choralarning mamlakat miqyosida qilinishi (agar qilinsa), farzand ko‘rishga qo‘shimcha rag‘bat berishdan tashqari, Xitoyda hozir asosiy muammolardan biri bo‘lib turgan  yalpi talab yetishmovchiligini yechishga ham yordam berishi mumkin.

Bu borada mamlakatimizdagi  holat haqida anchadan buyon yozib kelaman. Xususan, umumiy aholi soni o‘sayotgan bo‘lsa-da, tug‘ilishlar soni 2024 yilda 926,4 mingtani tashkil etib, 2023 yilga nisbatan  3,7 foizga kamaygan edi. Joriy yilning birinchi choragida ham tug‘ilishlarning kamayishi davom etgan. Lekin hozircha  tug‘ilishlarning kamayishi chuqur demografik muammo  yuzaga kelayotganligini anglatmaydi. Pasayishni tushuntirib beruvchi asosiy omillardan biri esa mustaqillikning ilk yillaridan yangi asrgacha bo‘lgan davrdagi tug‘ilishlarning pasayishi hisoblanadi (ya’ni ular hozir ayni farzand ko‘rish yoshida).

Bu fikrning isbotini fertillik darajasining  2024 yilda ham nisbatan barqaror saqlanib qolganligidan ko‘rish mumkin. Xususan, 2024 yilda umumiy fertillik darajasi 3,35 ni tashkil etib, 2023 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan biroz (0,095 ga) pasaygan. Ya’ni hozirgi vaqtda bitta ayolga 3 tadan ko‘proq farzand to‘g‘ri kelmoqda hamda bu aholining o‘zini tiklash darajasidan sezilarli yuqori.


@Mirkonomika
Savdo urushi natijasida AQShdan qaysi tovarlar importining to‘xtashi Xitoyga muammo tug‘dirishi mumkin?

2024 yilda Xitoy  AQShdan 145 mlrd dollarlik tovar import qilgan. Savdo urushining jiddiylashishi natijasida hozirgi vaqtga kelib Xitoy AQShdan keladigan tovarlarga 125 foiz import boji o‘rgatdi.

Grafikdan ko‘rish mumkinki, Xitoy AQShdan nisbatan sodda tovarlar qatori yuqori qo‘shilgan qiymatga ega murakkab tovarlarni ham import qiladi.  Ba’zi tovarlar uchun asosiy import yo‘nalishi ham aynan AQSh hisoblanadi. Xususan, 2024 yilda Xitoyning 40 foiz albumin (dori) importi AQSh hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bunday yuqori konsentratsiya va alternativalarning kamligi Xitoy shifoxonalarida yuqori texnologiyali ba’zi dori vositalari bilan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Nisbatan murakkab bo‘lmagan tovarlar importini esa Xitoy birinchi savdo urushidan keyin ancha diversifikatsiya qilishga erishgan. Jumladan, 2017 yilda Xitoyga soyaning 40 foizi AQShdan kelgan bo‘lsa. 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 18 foizgacha kamaygan. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda  bug‘doy importining 17 foizi, tabiiy gaz importini 5 foizi aynan AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi.

 Umuman olganda soya, Xitoy  bug‘doy yoki tabiiy gaz kabi murakkab bo‘lmagan tovarlarni katta qiyinchiliksiz boshqa davlatlardan import qilishi mumkin. Masalan o‘tgan hafta Xitoy kompaniyasining Abu-Dabi davlat kompaniyasi bilan gaz importi bo‘yicha kelishuvi bunga misol.  

Lekin yuqorida aytganimdek, ba’zi murakkab tovarlar importini boshqa davlatlarga ko‘chirish bir muncha mushkul bo‘ladi. The Economist bunday murakkab tovarlar uchun Xitoy (xuddi AQSh Kompyuter va smartphonelar uchun istisno qilgani kabi) bojlarni pasaytirishi mumkinligini taxmin qilmoqda (grafikning yuqori qismidagi tovarlar).

@Mirkonomika
Trampning antimigratsion harakatlari AQShga turizm oqimini keskin kamaytirmoqda.

Quyidagi grafikdan ko‘rish mumkinki, barcha mintaqalardan AQShga  keluvchilar oqimi kamayuvchi trendni namoyon qilmoqda (bu mavzuga Botir aka ham to‘xtalib o‘tgandi).

Albatta, AQSh iqtisodiyotida turizmning roli juda katta emas. Masalan, 2024 yilda  turizm eksporti 198 mlrd dollarni tashkil etib,  bu umumiy eksportning 6,4 foizini, umumiy iqtisodiyotning esa 0,7 foizni tashkil etgan xolos. Lekin  turizm eksporti nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sayotgan yo‘nalishlardan biri edi. Masalan, 2024 yilda turizm eksporti 4,8 foizga o‘sgan, taqqoslash uchun bu davrda xizmatlar eksporti 1,9 foizga o‘sgan bo‘lsa, tovarlar eksporti 0,1 foizga qisqargan

Turizmning iqtisodiyotga nisbatan ulushi kichik bo‘lsa-da turizm oqimining qisqarishi turizmga bog‘langan sektorlardagi aholi uchun jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, Trampning “ahmoqona” qarorlari iqtisodiyotning barcha sektorlarida  yomon oqibatlar yaratishda davom etmoqda. Turizm esa ana shunday sektorlardan biri.
2025/05/31 14:11:51
Back to Top
HTML Embed Code: